“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Farg‘ona viloyati g‘oliblari aniqlandi

0
1550

Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda viloyatdagi umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari “Vatan tayanchi” otryadlari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Farg‘ona viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, harbiy qism harbiy xizmatchilari, o‘quvchi-yoshlar, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Musobaqada viloyatning tuman bosqichlari g‘olibi bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi va shaffoflikni ta’minlash uchun hay’at a’zolari tomonidan natijalar e’lon qilib borildi. Ishtirokchilar “Harbiy estafeta”, “Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Merganlik mahorati”, “Saf qo‘shiqlari” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” yo‘nalishlarida murosasiz bellashdi. 

Yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni Farg‘ona shahridagi 32-umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar okrug qo‘mondoni va “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati