Urganchdagi harbiy litseyda xalqaro olimpiada oʻtkazildi

0
2380

Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning harbiy akademik litsey va maktablari oʻquvchilari oʻrtasida matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiada oʻtkazildi.

MDH davlatlari harbiy litsey va maktablarining oʻquvchilarining aniq fanlarga qiziqishini oshirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda oʻzaro bahslashish imkonini berayotgan matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiadada Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus va Qirgʻiziston davlatlarining oʻquvchilari oʻzaro kuch sinashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi shaʼnini xalqaro arenada bu yil Mudofaa vazirligiga qarashli ikkita harbiy litsey, yaʼni Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey hamda Fargʻonadagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi jamoalari himoya qildi.

Olimpiada MDHga aʼzo davlatlarning harbiy akademik litseylari va maktablarining 8, 9, 10 va 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilib, har bir yoʻnalishda 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan jamoalar shakllantiriladi. Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda Mudofaa vazirliklarining harbiylashtirilgan davlat maktablari mavjud boʻlmagani bois, harbiylashtirilgan maktablarning 8 va 9-sinflari oʻrtasidagi bahslarda faqat Rossiya va Belarus davlatlarining jamoalari bellashdi. 10 va 11-sinflar oʻrtasida kechgan bellashuvda esa 4 ta jamoa qatnashdi.

Urganch xalqaro aeroporti orqali mamlakatimizga uchib kelgan xorijiy jamoa vakillari Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida tantanali kutib olindi va koʻtarinki kayfiyatda olimpiadaga start berildi.

Xalqaro olimpiada reglamentiga koʻra, ishtirokchilar 4 akademik soat davomida auditoriyaga biriktirilgan masʼullar nazorati ostida birin-ketin topshiriqlarni bajardilar. Jami 6 savoldan iborat matematik misol va masalalarni oʻquvchilar oʻz bilim va salohatiga tayangan holda yechdi. Xolislik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ishtirokchilar javob varaqlariga ismi-familiyasi va mamlakat nomini yozmay, oʻzlariga avvaldan berilgan maxsus shifrlangan raqamlarni qayd etdi. Barcha ishtirokchi mamlakat vakillaridan iborat hakamlar hayʼati tekshirib baholagan ish egasining yashirinligi shu orqali taʼminlandi va odillik tamoyiliga qatʼiy eʼtibor qaratildi.

MDHga aʼzo mamlakatlar mudofaa idoralarining kelishuviga muvofiq, harbiy litseylar oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan fan olimpiadalari eng sara oʻquvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish, harbiy taʼlim sohasida oʻzaro tajriba almashish hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarining raqobatbardosh, intellektual salohiyatli boʻlib voyaga yetishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023-yilda Xorazm viloyatining markazi boʻlmish Urganch shahrida el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodimiz nomini ulugʻlash, oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida yangidan bunyod etilgan ushbu taʼlim maskanida olimpiada dasturi doirasida oʻquvchilar oʻrtasida sport musobaqalari, Urganch boʻylab ekskursiya, Xiva shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat, “Zakovat” intellektual oʻyini hamda madaniy tadbirlar oʻrin oldi. Dunyoga algebra fanini tanitgan al-Xorazmiy singari buyuk allomalarga beshik boʻlganOʻzbekiston tarixi va buguni haqidagi hujjatli film, UNESCO’ning madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan Ichan qalʼadagi meʼmoriy yodgorliklar xorijlik oʻquvchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Tantanali taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlar tayyorlash boshqarmasi boʻlim boshligʻi polkovnik Ulugʻbek Ahmedov, Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev, Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti, Minsk Suvorov harbiy bilim yurti, Qirgʻiz milliy harbiy litseyi delegatsiyalari vakillari mazkur olimpiada mamlakatlararo harbiy hamkorlik va oʻzaro doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xalqaro olimpiadaning 10-sinflar oʻrtasidagi yakkalik bahslari natijalariga koʻra, Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyining 1-bosqich oʻquvchisi Fayziddin Yaxshiboyev faxrli 1-oʻrinni egalladi. 2 va 3-oʻrinlar Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti oʻquvchilari Dmitriy Stafeyev va Kiril Zverevga nasib etdi. 11-sinflar oʻrtasida esa Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti oʻquvchilari Ivan Seliverstov birinchi, Andrey Kuzmin 3-oʻrinni olgan boʻlsa, Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyining oʻquvchisi Yoqutbek Bahodirov 2-oʻringa sazovor boʻldi. 8-9-sinflar oʻrtasida toʻplangan ballar yigʻindisiga koʻra, Rossiya Federatsiyasi vakillari eng yuqori pogʻonani egallagan boʻlsa, belaruslik oʻquvchilar 2-oʻringa munosib deb topildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, umumjamoa hisobida Belarus Respublikasi vakillari 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi (Oʻzbekiston) jamoasi 2-oʻrinni va Rossiya Federatsiyasidan kelgan oʻquvchilar 1-oʻrinni egalladi. Gʻolib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti