Mudofaa vazirligi jamoasi “Sayan yurishi”ni muvaffaqiyatli yakunladi

0
10601

Bugun, 12-aprel kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida 2024-yilgi Xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi “Sayan yurishi” musobaqada ishtirok etib, Vatan sharafini munosib himoya qilgan yurt oʻgʻlonlari tantanali kutib olindi.

Bayramona tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ullari ushbu nufuzli xalqaro musobaqalarda Mudofaa vazirligi jamoasi gʻalabalar seriyasi bilan ishtirok etib kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Rossiya Federatsiyasi hududida oʻtkazilgan va Xalqaro armiya oʻyinlarini boshlab bergan mazkur musobaqada jami 9 ta jamoa ishtirok etib, Oʻzbekiston ular orasida kuchli uchtalikdan oʻrin oldi.

Sovuq iqlim, noqulay ob-havoli togʻ hududlarida 50 kilometrlik masofani bosib oʻtish davomida jamoalar 12 ta shart boʻyicha koʻrsatilgan meʼyorlarni yuksak jangovar mahorat bilan bajarishdi. Yangilangan jamoamiz uchun bu kabi kutilmagan toʻsiqlarni yengib oʻtib, kuchlilar ichida nom taratish oson kechmadi.

Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Eron kabi kuchli davlat jamoalari ishtirok etgan musobaqada yurtimiz harbiy xizmatchilari uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarimizga harbiy orkestr sadolari ostida medal hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti