Sohibqiron siymosiga hurmat koʻrsatildi

0
2329

Amir Temur – oʻzligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulugʻvor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgan ulugʻ siymolardan biridir.

Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili koʻtarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ham ulugʻ sarkarda tavalludining 688 yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan oʻtkazildi.

Anʼanaga koʻra, 9-aprel kuni poytaxtimizning Amir Temur xiyobonida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, vazirlik va idoralar vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari va faxriylar buyuk sarkarda haykali poyiga gullar qoʻyib, xotirasiga hurmat koʻrsatildi.

Marosimdan soʻng barcha davlat va jamoat tashkilotlari hamda talabalar, litsey va maktab oʻquvchilari ishtirokida Amir Temur tarixi davlat muzeyida tadbir tashkil etildi. Unda  Xalqaro “Amir Temur” xayriya jamoat fondi raisi Muhammad Ali, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va boshqalar soʻzga chiqib, sohibqiron nafaqat oʻz davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan shaxs ekanini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Unda Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Sadiyev tomonidan sohibqiron manologi maromiga yetkazib ijro etildi. “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida ijro etilgan vatanparvarlik mavzuidagi qoʻshiqlar esa barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti