“Yashil makon” umummilliy loyihasiga jiddiy eʼtibor berilmoqda

0
1440

Ekologiya va atrof muhitni yaxshilash, hududlarni obod va koʻrkam qiyofaga keltirish maqsadida “Yashil makon” – bu kelajak avlod oldidagi bizning majburiyatimiz!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy tadbiri Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hududida davom etmoqda. Mavsum davomida harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan 100 ming tupdan ziyod daraxt koʻchatlari va butalar ekilgan.

Harbiy xizmatchilar tomonidan uyushqoqlikda koʻchatlarni ekish jarayonida aynan oʻlkamizning shimoliy hududlari ob-havosi va tashqi muhitiga moslashuvchan, yillar davomida oʻsib, yashovchanlik qobiliyatini namoyon eta olgan, qumli va shoʻr yerlarga hayot baxsh eta oladigan daraxtlarni koʻproq ekilishiga ahamiyat qaratilmoqda. Asosiy eʼtibor boʻsh turgan yerlarda bogʻlarni yaratish, koʻkalamzorlashtirishga qaratilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Nukus garnizonida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilishi boshlandi. Koʻchatlarni ekish tadbirlarida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda harbiy xizmatchilar faol qatnashib, mamlakatimiz ekologiyasining kelajagi uchun ulkan umidlar bilan Nukus garnizonidagi harbiy qism va muassasalar hududlariga koʻchatlarni ekib chiqishmoqda.

Harbiy qism va muassasalar, harbiy shaharchalar hududlarini koʻkalamzorlashtirish maqsadida Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy shaharchalarning hududidagi boʻsh yerlarga manzarali daraxtlar ekilmoqda. Koʻchatlarni oʻtqazishdan oldin unumsiz qum va tuproq olib tashlanib, oʻrniga maxsus aralashmali tuproq substansiyasi qoʻyilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati