“Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda

0
2037

Yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Mudofaa vazirligi Markaziy aloqa uzeli uzatishadigan markaziga qarashli Nurafshon shahridagi hududga mevali va manzarali daraxtlar hamda gul koʻchatlari ekish ishlari amalga oshirildi.

Hududga kirishingiz bilan sizni bayramona kayfiyat chulgʻab oladi. Koʻkalamzorlashtirish ishlari ishtirokchilari jipslikda 20 mingdan ziyod nihollarni ulugʻ maqsadlar va shartli timsollar bilan yerga qadamoqda.

Podpolkovnik Qayum Umarov 4-sinfda oʻqiydigan oʻgʻli Firdavsni oʻzi bilan olib kelgan. Bu bilan farzandining ham ona tabiatga mehr bilan ulgʻayishini, oʻz oʻrnida ulgʻayganida masʼullik hissi shakllanishini xohlayotganini aytdi.

Koʻplab xalqaro sport musobaqalari gʻolibi va ishtirokchisi katta serjant Oydinoy Ubaydullaxoʻjayeva esa har bir erishgan muvaffaqiyati uchun bitta koʻchat qadayotganini, kelajakda shu tarzda yutuqlaridan katta bir bogʻ yaratish niyatida ekanini bildirdi.

Hamma bilan birma-bir suhbatlashsak ularga xalaqit berishimizni inobatga olib, intervyu olishdan toʻxtadik. Muhimi ular barcha koʻchatlarni ekib boʻlmagunlaricha tinim bilishmadi. Biz esa kam sonli boʻlsa ham oʻzimizning hissamizni qoʻshib, ortga qaytdik.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti