Urganchdagi harbiy litseyda xalqaro olimpiada oʻtkaziladi

0
1841

Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik-litseyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning harbiy-akademik litsey va maktablari oʻquvchilari oʻrtasida matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiada oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus va Qozogʻiston davlatlarining oʻquvchilari ishtirok etadi.

MDHga aʼzo davlatlar mudofaa idoralarining kelishuviga asosan harbiy litseylar oʻquvchilari, oliy harbiy taʼlim muassasa kursantlari hamda harbiy sportchilar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari eng sara oʻquvchilar va kursantlarni aniqlash va ragʻbatlantirish, harbiy taʼlim sohasida oʻzaro tajriba almashish hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarining raqobatbardosh, intellektual salohiyatli boʻlib voyaga yetishini taʼminlash kabi asosiy maqsadlarga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi shaʼnini xalqaro arenada bu yil Mudofaa vazirligiga qarashli ikkita harbiy litsey — Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litsey hamda Fargʻonadagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi jamoalari himoya qiladi.

Olimpiada MDHga aʼzo davlatlarning harbiy akademik litseylari va maktablarining 8, 9, 10 va 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilib, har bir yoʻnalishda 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan jamoalar shakllantiriladi.

Oʻzbekiston va Qozogʻistonda harbiylashgan davlat maktablari mavjud boʻlmagani bois, 8 va 9-sinf harbiylashgan maktablari oʻrtasidagi bahslarda faqat Rossiya va Belarus davlatlarining jamoalari bellashadi. 10 sinflar oʻrtasida kechadigan aql bellashuvida esa 5 ta hamda 11-sinflar oʻrtasidagi bellashuvda 4 ta jamoa qatnashadi.

Bugun, 6-aprel kuni Urganch xalqaro aeroporti orqali mamlakatimizga uchib kelgan Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi vakillari Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida tantanali kutib olindi.

Olimpiada shu yilning 8-10-aprel kunlari boʻlib oʻtadi. Olimpiada dasturi doirasida oʻquvchilar oʻrtasida sport musobaqalari, Xorazm viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohat hamda madaniy tadbirlar oʻrin olgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati