Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi mutaxassislarining o‘quv-uslubiy yig‘ini boshlandi

0
2687

Bugun, 5-aprel kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi mutaxassislari o‘quv-uslubiy yig‘ini boshlandi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev raisligida o‘tgan mazkur yig‘inning dastlabki kunida barcha harbiy okruglar tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha qo‘mondon o‘rinbosarlari, ta’lim muassasalari mas’ul ofitserlari, shuningdek, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi va Harbiy prokuratura vakillari va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘inda dastlab 2023/2024-o‘quv yilida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarning tahlili, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha istiqbolli vazifalar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, qo‘shinlarda tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan Nizom “G‘oyaviy jangchi” loyihasi mazmun-mohiyatini yetkazish, har qanday og‘ir va murakkab vaziyatda ishonchli himoya qilishga tayyor bo‘lgan chinakam vatanparvar, fidoyi harbiy xizmatchilarni shakllantirish, shu bilan birga, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan ishlash tahliliga bag‘ishlangan bir qator ma’ruzalar tinglandi.

Mazkur yig‘in ikki kun o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti