MUQADDAS QOʻRGʻON QUCHOGʻIDAN VATAN HIMOYASIGA

0
2515

Poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” haykali poyida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni Qurolli Kuchlar safiga kuzatishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari, Mudofaa vazirligi faxriylari hamda ota-onalar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar yigitlarga sharafli burchlarini bajarishda sabot va kuch-gʻayrat tiladilar.

Yigitlarni kuzatsangiz, koʻzlariga ham ishonmay egnilaridagi harbiy libosga qayta-qayta koʻz qirini tashlashadi. Bu ham mayli, tantanali marosimdan soʻng dilbandlariga oshiqqan ota-onalar, goʻyo, tongda kuzatgan farzandlari boshqa odamga aylanib qolgandek, soʻroq-savolga tutib, dastlabki taassurotlari bilan qiziqishdi.

Harbiy libosdan ulgi olgan oʻgʻlonlar muddatli harbiy xizmat davomida zimmalaridagi masʼuliyat va ishonchni naqadar his qilayotganliklari oʻzlarini tutishi, xatti-harakatlari va gap-soʻzlarida koʻzga tashlanadi. Ular yaqinlari bilan kelgusi yili yorugʻ yuz bilan, sogʻ-salomat koʻrishish niyatida xayrlashishdi.

Chaqiriluvchilar oila – muqaddas qoʻrgʻon quchogʻidan ona Vatan himoyasiga otlandi.

Aytgancha, bu yigitlar anchayin gʻayratli chiqib qoldi. Shahrimizni koʻkalamzorlashtirishga hissa qoʻshish maqsadida faxriylar bilan birgalikda “Yashil makon” dasturiga asosan, “Boʻz” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli hududda mevali va manzarali daraxtlar oʻtkazdilar. Ular ekkan nihollariga suv quyar ekan, muddatli harbiy xizmatdan keyin ham xabar olib turishga kelishdilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti