“Ikkinchi jahon urushi — xotiralarda” ijodiy ishlar koʻrik-tanlovi boshlandi

0
1371

Mudofaa vazirligi 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ikkinchi jahon urushi — xotiralarda” nomli ijodiy ishlar koʻrik-tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlov Ikkinchi jahon urushi maydonlarida hamda mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat koʻrsatgan barcha yurtdoshlarimizda hurmat va ehtirom koʻrsatish, ularning nomlarini abadiylashtirish, oʻzbek xalqining gʻalabaga qoʻshgan hissasini keng miqyosda yoritish hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, urush asoratlarini unutmaslikka chorlash maqsadida oʻtkazilmoqda.

Tanlov ijodning quyidagi yoʻnalishlarida oʻtkaziladi:

  • rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik.

Tanlovda Oʻzbekistondagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktablari, oliy taʼlim muassasalarining talabalari, oʻqituvchilari, sanʼat maktablarining oʻqituvchilari, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi, Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayeyn instituti talablari va oʻqituvchilari ishtirok etishi mumkin.

Ushbu tanlov 2023-yildan boshlab har yili 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida oʻtkaziladi.

Tanlovda ishtirok etishni istaganlar tanlov boshlangandan keyin 1-may sanasiga qadar “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga quyidagilarni taqdim etishlari lozim:

  • Tanlovda ishtirok etish uchun maʼlumotnoma (rezumye);
  • Pasport (ID-karta) nusxasi;
  • Maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) nusxasi (mavjud boʻlsa);
  • Oʻqish yoki ish joyidan berilgan ijodiy tavsifnoma va maʼlumotnoma;
  • 9×12 oʻlchamdagi 1 ta rangli fotosurat;
  • Tanlovda ishtirok etayotgan tomonidan yaratilgan, badiiy jihatdan hamda badiiy bezak va mantiq jihatdan toʻliq yakunlangan (ramka bilan bezatilgan) ijod namunasi (asar).

Tanlov gʻoliblari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadilar.

Tanlovda ishtirok etishni xohlaganlar oʻz ijodiy ishlarini quyidagi manzilga “tanlovga” degan belgi va rasmiylashtirilgan ariza bilan olib kelishlari yoki yoʻllashlari soʻraladi:

  • 100069, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sagʻbon koʻchasi, 382-uy.

Aloqa uchun telefonlar: 99 860-18-87, Tashkiliy qoʻmita