Samarqandda sayyor qabul oʻtkazildi

0
642

Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Samarqand garnizonida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi.

Sayyor qabul davomida garnizon tasarrufidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari, isteʼfodagi harbiylarning murojaatlari koʻrib chiqildi.

Qabul davomida uy-joy, tibbiy xizmat koʻrsatish, xizmat joyini boshqa harbiy qismga koʻchirish, harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari bandligini taʼminlash, harbiylarning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishdagi suniy toʻsiqlar va duch kelinayotgan muammolar atroflicha oʻrganildi.

Okrug qoʻshinlari qoʻmondoni har bir murojaatni tinglash davomida oʻz vaqtida zudlik bilan hal etilishi boʻyicha masʼul shaxslarga koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning xizmat joylarini koʻchirishi natijasida turmush oʻrtoqlarining bandligi hamda farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylanishida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan toʻxtalib, bu boʻyicha kerakli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish masalasini aytib oʻtdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati