Yoʻriqchi-serjantlar malaka oshirish kursini bitirdi

0
3534

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida malaka oshirish fakultetining “Vzvod (batareya) yoʻriqchi-serjantlari malakasini oshirish” oʻquv kursining navbatdagi bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi.

Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi vakillari, bilim yurti professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan tantanali tadbirda so‘zga chiqqan bilim yurti boshligʻi polkovnik Shavkat Mamajonov va boshqalar serjantlar armiyamizning suyanchi va tayanchi ekanligini taʼkidlab, kurs bitiruvchilarining kelgusi xizmatiga ulkan zafarlar tiladi.

Mudofaa vazirligi tizimida professional malakaga ega, intellektual salohiyati yuqori, har qanday vaziyatda tezkor, mustaqil va toʻgʻri qaror qabul qila oladigan yetuk kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yoʻlga qo‘yilgan. Jumladan, harbiy xizmatchilarning bilim, tajriba va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan bunday oʻquv kurslari oʻqitishning eng zamonaviy shakl va usullari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha oʻrinbosarining kurs bitiruvchilariga navbatdagi harbiy unvon va sertifikatlarni topshirish toʻgʻrisidagi buyrugʻi oʻqib eshittirildi. Ushbu o‘quv kursida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarga harbiy orkestr sadolari ostida navbatdagi harbiy unvon va sertifikatlar topshirildi.

Serjantlar tarkibiga mansub harbiy xizmatchi ma’nan yetuk, burchini bajarishga ruhan tayyor boʻlishi, harbiy kasbni mukammal bilishi, qurol-aslaha va harbiy texnikani mohirona qo‘llay olishi kerak, – deydi malaka oshirish kursi bitiruvchisi 1-darajali serjant Mansur Abduqodirov. – Qariyb bir oy mobaynida ushbu kursda oʻrgangan bilimlarimizni jamoadagi safdoshlarimizga ham yetkazamiz. Bu maskanda olingan saboqlar zimmamizga boʻlinmalarda yuksak jangovar ruh, sogʻlom ma’naviy ruhiy muhit, Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, zarur ko‘nikmalar va harbiy bilimlarni oshirib borish vazifalarini yuklaydi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti