Harbiy xizmatchilarning oilalari bilan davra suhbatlari tashkil etildi

0
2045

Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasining mutaxassislari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarining oila aʼzolari ishtirokida “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatini oʻtkazishdan maqsad harbiy xizmatchilarning oilalarini ijtimoiy-maʼnaviy ruhiyatini koʻtarish, oila mustahkamligi, farovonligini oshirish, sogʻlom muhitni shakllantirish, mavjud muammolarga yechim topish kabi ezgu gʻoyalarni koʻzladi.

Bugun jamiyat orasida oilaviy nizolar, muammo va kamchiliklar uchrayotganini hisobga oladigan boʻlsak, shuning natijasida ayrim oilalarda nosogʻlom muhit shakllanib, ajrimlar soni keskin ortib borayotganini guvohi boʻlmoqdamiz. Nosogʻlom oila, muhitda ulgʻaygan farzandlar jamiyatning eng katta fojiaviy tanazzuliga yuz tutishi muqarrar. Sharq xalqlarida esa oila, nikoh muqaddas sanalib, unda hamisha sogʻlom fikrli ahil va inoq insonlar boʻlmogʻi, tinchlik va osoyishtalik hukm surmogʻi lozimdir.

Davra suhbati davomida koʻtarilgan masalalar doirasida harbiy xizmatchilarning oilalarida uchrayotgan muammolarga toʻxtalib, yechimi borasida mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiya va maslahatlar berildi. Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, oilalar uchun belgilangan imtiyozlar haqida qoʻshimcha maʼlumotlar yetkazilib, kelgusida bundanda yaxshi sharoitlarni yaratishga qaratilgan anonim soʻrovnoma oʻtkazildi.

Bundan tashqari vazirlik ishchi guruhi Nukus garnizonida joylashgan barcha harbiy qism va muassasalarda ham xuddi shu mazmundagi davra suhbatlarini oʻtkazdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati