Samarqandda harbiy-akademik litseylarning hududiy komissiya aʼzolari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi

0
1644

Markaziy harbiy okrugda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklar, Milliy gvardiya va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlaridagi “Temurbeklar maktabi” hamda “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseylariga oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha harbiy-kasbiy tanlov oʻtkazish uchun maxsus idoralararo komissiyasi aʼzolari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi.

Unda dastlab kommisiya aʼzolarining 2023-yilgi mavsumda yoʻl qoʻygan kamchiliklari tanqidiy ko‘rib chiqilib, harbiy-akademik litseylarga oʻquvchilarni qabul qilishda qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlarga asosan amalga oshiriladigan ishlar xususida batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.

Shuningdek, nomzodlarning harbiy-akademik litseylarda oʻqish istagini bildirib tuman mudofaa ishlari boʻlimiga ariza topshirgach, ular bilan oʻtkaziladigan dastlabki va yakuniy tibbiy koʻrik, diktant yozish, psixologik test, jismoniy tayyorgarlik hamda yakka tartibda oʻtkaziladigan suhbatning talablari va nizomlari yetkazildi.

Yigʻin davomida ishtirokchilar yoshlarning nomzod sifatida ariza bergunga qadar aql zakovati, umumiy intellektual salohiyatiga va xotirasi, mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, tafakkur shakllarining rivojlanganlik darajasi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati