Farg‘onada mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi

0
1398

Bugun,29-mart kuni Fargʻona shahar mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi, mudofaa vazirining oʻrinbosari, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, faxriylar va yoshlar hamda keng jamotchilik vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2024-yil 12- yanvaridagi kengaytirilgan yigʻilishida davlat rahbari tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarining maʼmuriy binolari hamda chaqiruv punktlari infratuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi. Farg‘ona shahrida ushbu vazifa ijrosi taʼminlanib, yangi mudofaa ishlari boʻlimi binosi harbiy xizmatga chaqiriluvchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Zamonaviy dizayn asosida barpo etilgan mazkur binoda navbatchilikni oʻtash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron maʼlumotlar bazasini yuritish xonasi mavjud. Xizmat xonalari mebel, qish-yoz tizimida ishlaydigan isitish va sovitish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan toʻliq jihozlangan.

Shuningdek, binoda bu yerda ishlaydigan har bir mutaxassis uchun alohida xona tashkil qilingan. Bu chaqiriluvchilarni har tomonlama chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, sogʻlom yigitlarni saralashga xizmat qiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati