Qonun ijrosiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi

0
2006

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan Markaziy harbiy okrug misolida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi holatini hamda huquqni qoʻllash amaliyoti holatini joyiga chiqqan holda oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish boʻyicha islohotlar doirasida Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qoʻshinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻrganish davomida deputatlar tomonidan joylardagi mudofaa ishlari boʻlimlari faoliyatiga, jumladan, fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish, harbiy hisob hujjatlarini yuritish, shuningdek, tibbiy komissiyalar faoliyatiga axborot texnologiyalarining joriy etilganligi holati tanqidiy koʻrib chiqildi.

Oʻrganish yakuni boʻyicha umumtaʼlim maktablaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini hamda mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazlari faoliyatini yanada yaxshilash borasida taklif va tavsiyalar tayyorlandi.

Shuningdek, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlardagi harbiy-maʼmuriy sektorlar tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan kapital qurilish va taʼmirlash ishlari, harbiy qism va boʻlinmalarni moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, uy-joy va kommunal xoʻjaligi taʼminoti, transport qatnovidagi masalalarni hal etilishi, xarbiy xizmatchilar oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarini barpo etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga ham baho berib oʻtildi.

Kengaytirilgan yigʻilish muhokamasi yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati