Nukus va Urganchda harbiy kengash yigʻilishi oʻtkazildi

0
1911

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalari hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari bilan uzviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, javobgarlik hududda hamkorlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish hamda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga bagʻishlangan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Harbiy kengash yigʻilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Xorazm viloyati hokimligi rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Chegara qoʻshinlari qoʻmondonliklari hamda Harbiy prokuratura va Bojxona qoʻmitasi masʼullari ishtirok etdi.

Yigʻilishda mintaqa va jahonda roʻy berayotgan harbiy-siyosiy vaziyat haqida batafsil maʼlumot berilib, kuch tuzilmalari va mahalliy hokimliklarining hamkorligini kuchaytirish, aholining ijtimoiy himoyasini oʻrganish va ularga koʻmaklashish, yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar eshitildi.

Harbiy kengash yigʻilishi yakuni boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati