Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun “G‘alaba bog‘i”ga ekskursiya tashkil qilindi

0
1164

Yurtimizda yoshlar tarbiyasi, ularning bilim olishlari hamda ajdodlarga munosib  vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlarida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning yorqin misoli sifatida mamlakatimizda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Prezident va Ijod maktablarining tashkil etilganini keltirish mumkin.

Mazkur maktablarda o‘quvchilarni har tomonlama shakllanishlari uchun respublika miqyosida turli ommaviy tadbirlar, festivallar tashkil etilmoqda. Xususan, “Turon” o‘quvchilar teatri jamoalari festivalida ham yurtimizning 14 ta viloyatida joylashgan Prezident hamda Ijod maktablari o‘quvchilari faol ishtirok etishdi.

Shuningdek, festival ishtirokchilari uchun tarix va bugunni bog‘lab turuvchi, qolaversa, Vatan tinchligi uchun o‘z jonini fido qilgan ajdodlarimizning hayot yo‘lini hikoya qiluvchi  “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmusiga ekskursiya tashkil qilindi.

Ushbu maskandagi noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirgan yoshlar ozodlik, Vatan tinchligi naqadar aziz va muqaddas ekanini yana bir bor xis qildilar. Sayohat chog‘ida majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyning majlislar zalida o‘quvchilar, Mudofaa vazirligi faxriylari ishtirokida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tadbirda faxriylar yoshlar bilan dildan suhbat qurdi.

Tadbir davomida “Kim yurtiga sodiq bo‘lsa, mendurman o‘sha!” shiori ostida alohida davra suhbati tashkil qilindi. Suhbat davomida faol yoshlarga Ikkinchi jahon urushi davrida  jasorat va matonat ko‘rsatgan o‘zbek xalqining fidoyi insonlari haqidagi ko‘plab  ma’lumotlarni  o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston  Ikkinchi jahon urushi davrida” kitob albomlari sovg‘a qilindi.

Festival doirasidagi tadbirlar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarining tarix borasidagi bilimlarini yanada oshirgani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari salohiyati va oliy harbiy ta’lim muassasalari haqida tushunchalarga ega bo‘lgani, ayniqsa, joylarga bo‘lgan sayohatlar bir olam quvonch bag‘ishlagani bilan samarali o‘tdi.

Feruza Nuratdinova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti