Nukus va Urganchda muddatli harbiy xizmatni oʻtab bo‘lgan askarlar uylariga kuzatildi

0
1039

Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni oʻtab, Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan askarlar tantana bilan kuzatildi.

Bir yil davomida umumharbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarida maʼnan va jismonan toblangan, musofirchilikda ota-ona va yaqinlari qadrini yanada teranroq xis etgan, bir soʻz bilan aytganda armiyada hayot maktabini oʻtab, anchagina ulgʻayib qolgan yurtimizning eng sara oʻgʻlonlari ham uyga qaytish navbati keldi. 

Kuzatish tadbiri Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bilan samimiy suhbatdan boshlandi. Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tantanalar zalida bayramona libosda yigʻilgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan kechgan suhbatda qoʻmondon yigitlarning xizmati uchun minnatdorchilik bildirib, bu bir yil ular hayotida besamar ketmaganini, shu yerga kelib ancha ulgʻayib, dunyoqarashi kengayganini eʼtirof etdi. 

Shundan keyin harbiy qismlarda namunali xulqi, muddatli harbiy xizmat davomida alohida eʼtiroflarga sazovor boʻlgan hamda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan yigitlarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishda kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali tarzda topshirildi. 

Yigitlar Mudofaa vazirligining buyurtmasiga asosan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan taqdim etilgan maxsus harbiy eshelon bilan harbiy orkestr sadolari ostida uylariga joʻnab ketishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati