YUKSAK ISHONCHDAN TOʻQILGAN POYONDOZ

0
1360

Poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni Qurolli Kuchlar safiga kuzatishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov, Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, muddatli harbiy xizmatga otlangan yigitlarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etib, ularga sharafli burchlarini bajarishda sabot va kuch-gʻayrat tiladilar.

Harbiy liboslari yarashib, qadlarini tik tutib turgan yigitlarga koʻpchilikning havasi kelgani rost. Aslida arziydi ham. Chunki ular Vatan himoyasiga – muddatli harbiy xizmatga otlanishdi. Bu toblanish maktabi ularni katta hayotga hozirlashiga, orzulariga qanot bagʻishlashiga shubha yoʻq.

Shu oʻrinda ularning bugunga qadar ham kichik bir sinovdan oʻtganini taʼkidlash kerak. Tanlagan yoʻliga ishonchi, qatʼiyati zaiflar birinchi urinishdayoq ortga qaytadi. Yaʼni ular jismoniy tayyorgarlik va tibbiy nazoratdan muvaffaqiyatli oʻtib, masʼuliyatli vazifaga yoʻllanma oldilar.

Yigitlar bilan suhbatlashsangiz birdaniga oʻzlarini ulgʻayib qolgandek his qilayotgani koʻzga tashlanadi. Ular harbiy libosda beixtiyor behuda gaplardan, hazil-huzullardan tiyilgan, jiddiylik zuhur etgan qiyofada.

Yoshligimdan jismoniy tarbiya, xususan, qoʻl jangi bilan muntazam shugʻullanib kelaman. Toshkent kimyo-texnologiya institutini bitirganman. Endilikda hayotimni harbiy xizmat bilan bogʻlamoqchiman, – deydi chaqiriluvchi Mohirjon Zuhurov.

Chaqiriluvchi Javohir Oʻrinboyev ham Oʻzbekiston Milliy universitetining talabasi ekan. Kelgusi yili sirtqi taʼlimdagi tahsilni yakunlab, ofitserlar safidan oʻrin olmoqchi.

Xonadonlaridan kuzatganiga hali yarim kun ham boʻlmagan ota-onalar oradan uzoq vaqt oʻtgandek harbiy libosda oʻzgarib qolgan farzandlariga termulgan. Birgalikda suratga tushgan. Shu zaylda ular Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oʻgʻlonlarni yuksak ishonchdan toʻqilgan poyondoz bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kuzatishdi.

Harbiy orkestr sadolari, kuy-qoʻshiqlar tadbirga bayramona shukuh bagʻishladi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Bilimdonlar maskani”da ham viloyat yoshlari Vatan oldidagi sharafli burchini ado etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflariga kuzatildi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti