Qoraqalpogʻistonlik oʻgʻlonlar muddatli harbiy xizmatga yoʻl oldi

0
855

Qoraqalpogʻiston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasining yigʻin punktida Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarishga otlangan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatishga bagʻishlangan marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniy va oqsoqollar hamda chaqiriluvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Vatanni himoya qilishdek muqaddas va sharafli burchni bajarishga shay turgan oʻgʻlonlarga bukilmas iroda, soʻnmas matonat va kuch-gʻayrat tilashdi. Ona yurtni himoya qilish, uning sarhadlarini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash masʼuliyati faqat sara oʻgʻlonlarga nasib etishini eʼtirof etishdi.

Kuzatuv marosimida Nukus garnizoni harbiy okrestri hamda madaniyat boshqarmasi tomonidan kuylangan kuy-qoʻshiqlar yurt himoyasiga otlangan yigitlarda sadoqat va milliy gʻurur kabi tuygʻularni alangalatdi.

Barcha sinovlardan oʻtib, maʼnan va jismonan sogʻlom ekanligini isbotlagan yigitlar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga yoʻl oldi. Vatanni ishonchli himoya qilishga vaʼda bergan oʻgʻlonlar erta tongda harbiy xizmatni oʻtash uchun Nukus temir yoʻl vokzalidan joʻnab ketishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati