Harbiy xizmatchilar Navro‘z ayyomini bayramona kayfiyatda nishonlamoqda

0
2718

Har kuning Navro‘z bo‘lsin, deydi turkiy xalqlar. Darhaqiqat, Navro‘z asrlar mobaynida ajdodlarimiz orzu-umidlarini o‘zida ifodalagan, obodlik, yangilanish va yasharish, dasturxonlar uchun qut-baraka xabarchisi hisoblanuvchi qadimiy va asl milliy bayramdir.

Mudofaa vazirligi markaziy harbiy sport majmuasida Navro‘z bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, boshqarma boshliqlari, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etdi.

Dastavval Mudofaa vazirligi markaziy apparatidagi bosh boshqarmalar hamda Toshkent gornizonidagi harbiy qismlar harbiy xizmatchilari ishtirokida “Milliy taomlar”, “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” tanlovi tashkil etildi. So‘ngra bugungi tadbirda ishtirok etayotgan sportchilar, harbiy xizmatchilar o‘rtasida esa “Osh chempionati” o‘tkazildi. Har bir tayyorlangan palov malakali oshpazlar tomonidan ko‘rib baholandi.

Bayram dasturida arqon tortish, milliy kurash hamda tosh ko‘tarish o‘yinlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida arqon tortish jarayoni raqobat kuchli bo‘lganligi sababli, juda qizg‘in va hayajonli bahslarga boy bo‘ldi. Halol! Shubhasiz, kurash, xalqimiz aytganidek, mardlar maydonidir. Unda er yigitlar sha’ni, g‘ururini o‘rtaga qo‘yib maydonga tushadi. Bugun ham mardlar maydonda bellashdi. Nafaqat harbiy xizmatchilar, balki yosh polvonlar ham mahoratlarini ochiq maydonda namoyon qildi. Tosh ko‘tarish bellashuvi ham unutilmas, qizg‘in bahslarga boy tarzda kechdi. Jamoalar g‘oliblik uchun astoydil kurashdilar.

Madaniy dasturda Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambili tomonidan yurtni tarannum etuvchi, bayramona kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, shu bilan birga, taniqli xonandalar ijrosida musiqiy chiqishlar ham barchaga manzur bo‘ldi. Tantanali tadbir davomida harbiy xizmatchilar uchun arzonlashtirilgan bayram yarmarkasi ham tashkil etildi.

Milliy o‘yinimiz bo‘lmish ko‘pkari tomoshabinlari ko‘pligi bilan dasturlar ichida alohida ajralib turdi. Sportning darts, stol tennisi, shaxmat-shashka, futbol hamda lanka tepish o‘yini kabi musobaqalarda esa ishtirokchilar bor mahoratlarini namoyish qildi. Dastur davomida Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazi kinolog mutaxasislari tomonidan itlarni xizmat vazifasini bajarish jarayonlari namoyish etildi.

Tadbir so‘nggida musobaqalar va tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sevinch Xoliqova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti