Vatanparvar farzandi ortidan olqish olgan ota-onalar

0
1498

Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilarning ota-onalari bilan uchrashuv tadbiri tashkil etildi. Mazkur harbiy qismda xizmat vazifasini o’tab kelayotgan ofitser, serjant va shartnoma bo’yicha harbiy xizmatchi oddiy askarlarning ota-onalari harbiy orkestr sadolari ostida kutib olinib, okrug qo’mondonligi mas’ullari tomonidan qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan birin-ketin tanishtirib chiqildi.

Shtab, o’quv binosi, oshxona va yotoqxonalardagi zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlar barcha mehmonlarning hayratiga sabab bo’ldi. Sayohat chog’ida keksa otaxonlar o’z xizmat vaqtlarini eslab, u paytlarda bunday imkoniyatlar haqida orzu ham qilishmaganini ta’kidladilar.

Shundan so’ng, ota-onalar farzandlari hamrohligida harbiy qism madaniyat markaziga samimiy suhbatga taklif etildi. Okrug nufuzini oshirishda hissasini qo’shib, o’zining faolligi, intiluvchan hamda talabchanligi bilan barcha sohada safdoshlariga o’rnak bo’lib kelayotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari taqdirlandi. Vatan koriga yaraydigan shunday farzandni tarbiyalab, o’stirgan insonlarga minnatdorchilik e’lon qilindi.

Bu kabi yuksak e’tibor va e’tirofdan so’ng harbiy xizmatchilar yurt rivoji yo’lida yanada sadoqat bilan xizmat qilishlari shubhasiz.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati