Aloqa harbiy institutida bayram sayillari boʻlib oʻtdi

0
1469

Quyoshning qaynoq taftini sogʻingan maysalar koʻzni quvnatib, koʻkka boʻy choʻzadi. Butun borliqda uygʻonish, yangilanish-yasharish manzaralari. Bularning barchasi qut-baraka, toʻkinlik va mehr-u oqibat ramzi — Navroʻzi olam kelganidan darak beradi.

Shu munosabat bilan bugun,16-mart kuni Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Zangiota tumani hokimligi,Toshkent harbiy prokraturasi, Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi bilan hamkorlikda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz” shiori ostida harbiy xizmatchilar, kursantlar, mahalla yoshlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bayram sayillari boʻlib oʻtdi.

Harbiy institut hududida xalqimizning ming yillik tarixi qayta jonlandi. Milliy urf-odatlarimiz aks ettirilgan bayram sayilida milliy liboslarimiz, anʼanaviy cholgʻu asboblari hamda oʻzbek liboslari namoyish etildi. Bagʻrikeng oʻzbek elining samimiyligi koʻp millatli xalqni hurmat qilishidir. Harbiy xizmatchilar va kursantlar oʻrtasida milliy taomimiz palovtoʻra tayyorlash boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Shu bilan bir qatorda qardosh xalqlarning milliy taomlari namoyish etilib, ishtirokchilarga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Sayil davomida harbiy qismda Qurolli Kuchlar xizmatchilari va tuman hokimligi vakillari ishtirokida manzarali koʻchatlar ham ekildi.

Bundan tashqari, sayil davomida “Sogʻlom yosh avlodman” shiori ostida sport musobaqasi tashkil qilindi. Kursantlar va mahalla yoshlaridan iborat 9 ta jamoa sportning voleybol, futbol, stol tennisi, kurash va arqondan ip tortish kabi turlari boʻyicha bellashdilar. Murosasiz kechgan musobaqalarda jamoalar oʻzaro kuch sinashib, mahalla yoshlari gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, futbol boʻyicha kursantlar jamoasi faxrli oʻrinni egallashdi. Milliy taomimiz bo‘lgan palov tayyorlash boʻyicha harbiy xizmatchilar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Sovrindorlar Mudofaa vazirligi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli, “Impuls” xonandalari tomonidan Navroʻz hamda bahorni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar kuylandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti