“Psixologik sogʻlomlashtirish oyligi” doirasida profilaktik tadbir oʻtkazildi

0
1172

Barchamizga maʼlumki, dunyoda va jamiyatda sodir boʻlayotgan turli xil ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, axborot makonidagi globallashuv inson ruhiyatiga taʼsir oʻtkazmoqda, bunday jarayonlar esa oʻz navbatida kuchli ruhiy zoʻriqish va stressli holatlarga sabab boʻladi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida joriy yilning mart oyi “Psixologik sogʻlomlashtirish oyligi” sifatida belgilanib, uning doirasida qoʻshinlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan shaxs, jamoa, oila psixologyasiga oid profilaktik tadbirlar, shaxsiy tarkibning asab-ruhiy barqarorlik darajasi, boʻlinmalardagi ijtimoiy-psixologik muhit hamda harbiy xizmatchilarning oilalaridagi shart-sharoitlar, muammoli masalalarni oʻrganishga qaratilgan ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar, oʻrganishlar, sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi va Markaziy harbiy klinik gospital bilan hamkorlikda “Oʻz oilasiga sadoqatli boʻlmagan inson, Vatanga sadoqatli boʻlmaydi!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda dastlab respublikamizdagi yetakchi amaliy psixologiya markazining oilaviy munosabatlar boʻyicha ekspert-psixologi P.Kurahmetova oiladagi er-xotin oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni barqarorlashtirish, nizoli holatlarni oldini olish, farzandlar kamoloti va umuman oila psixologiyasi yuzasidan ma’ruza qildi.

Shu bilan birga, tadbir davomida bosh boshqarma bosh mutaxassisi U.Mamataliyevning “Harbiy xizmatchilar bilan ishlashda din psixologiyasining oʻrni” mavzusida diniy-maʼrifiy maʼruzasi tinglandi.

Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti