“Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki”

0
1164

Bugundan mamlakatimiz bo‘ylab boshlangan umumxalq xayriya hasharida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, yurtimizdagi barcha harbiy qism va muassasalar hududlariga koʻchatlar oʻtqazilib, gullar ekilyapti. “Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam koʻrsatilmoqda.

Xususan, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 100-sonli alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashkil etilgan xayriya hasharida ham yurt himoyachilari tomonidan koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yangilanish va yasharish faslida muassasa hududi oʻziga xos koʻrinish kasb etdi. Unda mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan topshirilgan kitoblar, sport anjomlari va sovgʻalar oʻquvchi yoshlar uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. Harbiy orkestr tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi esa barchaga xushkayfiyat bagʻishladi.

Shuningdek, Toshkent shahar ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazida hamda Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ham qadimiy va azaliy qadriyatlarimizdan biri boʻlgan umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Unda ham harbiy xizmatchilar tomonidan muassasa hududida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Tevarak atrofdagi chiqindilar olib chiqilib, yon atrof tartibga keltirildi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti