Qiziltog‘da kursantlar mevali daraxtlar ekishga kirishdi

0
1205

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish o‘zbek xalqiga xos fazilat. Daraxtlar, o‘simliklar bizni nafaqat toza havo bilan ta’minlaydi, balki dasturxonlarimizni totli mevalar bilan boyitadi ham. Shu bois ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab manzarali va mevali ko‘chatlar ekish jarayonlari qizg‘in kechmoqda.

Ana shunday tadbirlar doirasida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Parkent tumanidagi Qiziltog‘ shaharchasida ham qarovsiz yerlarga ko‘chat ekish ishlari boshlandi. Unda Qurolli Kuchlar akademiyasi shaxsiy tarkibi va kursantlari tomonidan olma, shaftoli va gilos ko‘chatlari ekishi rejalashtirilgan. Nihollar tez orada ko‘karishi va yaxshi xosil berishi uchun tomchilab sug‘orish texnologiyasi ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur hududdagi qarovsiz yerlarga 2021-yildan buyon Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilar tomonidan 500 mingdan ortiq mevali, manzarali daraxtlar va buta ko‘chatlari ekilgan.

Qiziltog‘ hududi ekish ishlaridan avval tuproq holati va iqlim sharoiti tegishli mutaxassislar bilan birgalikda atroflicha o‘rganilgan. Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda ekologik muhitni yaxshilash bilan bir qatorda odamlarning tabiatga mehrini oshirish kabi ulkan maqsadlar yotibdi. Qolaversa, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasi O‘zbekistonning issiq iqlimi va shahar qurilishining miqyosi kengayib borayotgan bir paytda ayniqsa, dolzarb hisoblanadi. Tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti