“Jadidlar merosi — kelajagimiz poydevori”

0
974

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining asosiy maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim boʻlgan barcha sohalarda innovatsion gʻoyalarni joriy qilish boʻldi. Bu jarayon jadidlar nazarida Turkiston xalqining yashash tarzini oʻzgartirishga, ularning ijtimoiy-maʼnaviy ongini shakllantirishga imkon beradigan asosiy omil edi. Maʼlumki, soʻnggi yillarda “Uchinchi renessans” uchun tamal toshi qoʻyilayotgan Yangi Oʻzbekistonda chor Rossiyasi mustamlakachiligi va mustabid sovet tuzumi davrida millat ravnaqi, yurt ozodligi uchun kurashgan maʼrifatparvar jadidlarning hayoti, faoliyati, ulardan qolgan boy ilmiy-adabiy, publisistik merosini yanada chuqur oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, maʼrifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatish maqsadida 15-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi hamda vazirlik huzuridagi Jamaotchilik kengashi bilan hamkorlikda “Jadidlar merosi — kelajagimiz poydevori” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbir boshida kursant va harbiy xizmatchilarga Qatagʻon qurbonlari xotira davlat muzeyi rahbari, professor Baxtiyor Hasanov tomonidan jadidchilik harakati, bugungi kunda dolzarbligi haqida maʼruza qilindi. Shundan soʻng bir qancha yetakchi ilmiy olimlarning ilmiy ishlari, videomateriallari tinglovchilarga namoyish etildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir davomida jadidlar harakatining asosiy gʻoyalari vatanparvarlik ekani, oʻtmish sahifalari qayta ochilib, har bir oʻzbek oʻgʻloni oqlanyotgani, bu yoʻlda juda katta samarali ishlar olib borayotganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Shu bilan bir qatorda Mudofaa vazirligi va Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda oʻzaro kelishuv memorandumi imzolandi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti