Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan xayriya amalga oshirildi

0
689

Bir necha kundan beri Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilari qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.

Bugun, 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Chirchiq harbiy prokuraturasi hamkorligida hududda joylashgan nogironligi bor oilalar holidan xabar olinib, ularga sovg‘a-salomlar ulashildi.

Jumladan, oliy harbiy ta’lim muassasasi boshlig‘ining shahsan o‘zi mahalla faollari, bir guruh harbiy xizmatchilar va kursantlar hamrohligida hududdagi “Yulduz” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomad qilayotgan 1-guruh nogironi Komil Begimqulov hamda “Muruvvat” mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Allabergan Yuldashev xonadonlarida bo‘lib, oila a’zolari bilan samimiy suhbat qurishdi. Ularga sovg‘a-salomlar bilan birga nogironlik aravachasi ham topshirildi.

Yo‘qlovlar davomida ularning sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratilib, harbiy shifokorlar tomonidan bir qator tibbiy tekshiruvlar amalga oshirildi.

Mezbonlarni suhbatga tortar ekansiz, hech biri o‘z hayotidan noliganini ko‘rmaysiz. O‘zini jamiyatimizning har tomonlama sog‘lom kishilari qatorida, deb bilgan qahramonlarimiz bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor oilalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, ular harbiy xizmatchilarning bugungi yo‘qlovi, samimiy suhbat va sovg‘alardan xursandligini bildirishdi.

Bu kabi ezgu tadbirlar oliy harbiy ta’lim muassasasi faollari tomonidan davom ettirilmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyaalar departamenti