Janubda Navro‘z sayillari ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi

0
968

Surxon vohasining Boysun, Jarqo‘rg‘on va Bandixon tumanlarida Navro‘z shodiyonalariga bag‘ishlangan asosiy umumxalq sayillari bo‘lib o‘tdi. Sharqona yangi yil boshi, go‘zallik, bunyodkorlik va yangilanish bayramlari tuman markazlarida tashkil etilgan tantanali tadbir bilan boshlandi.

“Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida nishonlangan umumxalq sayillarida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari, shuningdek, sektor rahbarlari so‘zga chiqib, voha ahlini yasharish va yangilanish, mehr-oqibat bayrami bilan samimiy tabrikladi. Jumladan, Vatanimizga tinchlik, yurtimizga obodlik, xalqimizga farovon turmush, amalga oshirayotgan islohotlarimizga esa bardavomlik tiladi.

Darhaqiqat, Navro‘z ayyomi insonning tabiat bilan uzviyligi, xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik kabi bebaho hislatlarini o‘zida ifodalab, yangilanayotgan qishloq va mahallalarda, shahar va tuman markazlarida tashkil etilayotgan bu kabi bayram shodiyonlari xalqimizni ona zaminni ardoqlashga, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydi. 

Tuman markazlarida o‘tkazilgan bayram tadbirida maxsus ajratilgan qo‘rg‘onlar va o‘tovlar hududning milliy qadriyatlariga xos bezatilib, turli ko‘rgazmalar tashkil etdi. Sumalak va boshqa bahor taomlari tayyorlanib, xalqqa tarqatildi.

Jarayonlarda Termiz, Xayrobod va Kakaydi garnizonlaridagi harbiy xizmatchilar, harbiy orkestr, faxriy qorovul va qo‘l jangi ustalari o‘z chiqishlari hamda harbiy baxshilar termalari bilan aholiga bayramona kayfiyat ulashdi. Qiziqarli milliy sport o‘yinlari ham shular jumalasidan.

Surxondaryo hududlarida umumxalq sayillari davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti