MUDOFAA VAZIRLIGI RAHBARIYATINING AXBOROTI ESHITILDI

0
2420

Joriy yilning 15-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyatining 2023-yil davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Mazkur majlisda Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oʻrinbosarlari va vazirlik masʼullari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi xodimlari ishtirok etdi.

Qoʻmita majlisida Mudofaa vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan harbiy qismlar va muassasalar infrastrukturasini rivojlantirish, mudofaa sohasiga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, tizimni eng zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnika, oʻq-dorilar, harbiy-texnik anjomlar bilan taʼminlash, shuningdek oʻquv moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda harbiy xizmatchilarga qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Majlis soʻngida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining Mudofaa vazirligi tizimida byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi, moliyaviy xatoliklarni oldini olish va ular ustidan parlament nazoratini olib borishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

Taʼkidlash lozimki, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlaridan biri hisoblanadi.