Litvaga yuqori talabga ega mutaxassislarni yetkazib berish masalasi muhokama qilindi

0
1098

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Litva Respublikasining “EURODAS” kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, xorijiy kompaniyaning vitse-prezidenti Roman Kolenkov va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mas’ul xodimlari Litvada vaqtincha haydovchilik va boshqa texnik kasblarda ishlash istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Muhokama chog‘ida “EURODAS” Yevropada eng yirik logistika kompaniyasi hisoblanishi, bugungi kunda Litvada 11,5 mingta haydovchi va texnik xizmat ko‘rsatish sohasi mutaxassislariga ehtiyoj sezilayotganligi ma’lum qilindi. Shuningdek, ushbu ehtiyojni “Vatanparvar” tashkiloti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qondirish har tomonlama qulay va manfaatli ekanligi e’tirof etildi. Ushbu sa’y-harakatlar, o‘z navbatida, respublikamiz bo‘ylab yuzlab fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Uchrashuv so‘nggida Litvada yuk mashinasi haydovchisi va yuqori talabga ega texnik kasb mutaxassislari sifatida ishlash istagidagi o‘zbekistonliklarni “Vatanparvar” tashkilotining respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq o‘quv muassasalarida o‘qitish ishlarini Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vositachiligida amalga oshirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning sentabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi. Shuningdek, ushbu hujjatda o‘qish davomida fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini keng targ‘ib etish va ularda vatan tuyg‘usi sifatlarini rivojlantirish ham belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati