Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ilk bor navkarlar portretlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

0
760

Bugun Qurolli Kuchlar davlat muzeyida milliy armiyamiz saflarida xizmat qilib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan faxriy harbiylar, turli yo‘nalishlarda muvaffaqiyat qozongan harbiy xizmatchilar va bir guruh yoshlar jam bo‘ldi.

Dastlab Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘shinlari qo‘mondonligi bilan hamkorlikda “Uch avlod uchrashuvi” tashkil qilinib, faxriy harbiylar yoshlarga hayotiy va kasbiy tajribalari, bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi faxriy harbiylari va Sport markazi sportchilari, Olmazor tumani 219-umumta’lim maktabi o‘quvchilari va muzey xodimlari ishtirok etdi. Samimiy ruhda o‘tkan uchrashuvda o‘quvchilar harbiy sportchilar va faxriy harbiylardan o‘zlarini qiziqtirgan turli savollariga javob oldi.

Ochiq davra suhbatidan so‘ng harbiy ansambl tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun muzey bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, uch avlod uchrashuvi doirasida Qurolli Kuchlar Davlat muzeyida ilk bor Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning eng sara navkarlari portretlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Suratlar Badiiy akademiyaning professional rassomlari tomonidan tarixchi olimlar bilan hamkorlikda bir necha oylar mobaynida yaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur ko‘rgazma yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, o‘z tarixi haqidagi bilimlarni yanada boyitishga ham hissa qo‘shishi shubhasiz.
Tadbirda ushbu ko‘rgazma endilikda viloyatlar bo‘ylab o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti