Qo‘mondon harbiy litseyda o‘quvchilar bilan muloqot qildi

0
1907

Urganch shahrida el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodimiz nomini ulug‘lash, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yili yangidan bunyod etilgan Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik-litseyida o‘quvchi yoshlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni bilan uchrashdi.

Samimiy kayfiyatda o‘tgan tadbirda okrug qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov mardlik, jasorat va matonat timsoli bo‘lmish Jaloliddin Manguberdining harbiy san’at ilmiga qo‘shgan hissasi, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lidagi fidoyiligi haqida so‘zlab, O‘zbekistonda o‘sib-ulg‘ayayotgan har bir yigit-qiz sarkarda bobomizning tarixiy me’rosini o‘rganishi, uning yurt ravnaqiga qo‘shgan hissasini bilishi va faxrlanib yurishini targ‘ib etdi.

Qo‘mondon o‘z nutqida davlatimiz tomonidan yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotgani hamda har bir yosh yigit-qiz qiziqishidan kelib chiqib, oldiga aniq maqsadni qo‘yishi kerakligini uqtirdi. Qaysi kasbni tanlamasin, yoshlarni birinchi navbatda yurtga sadoqat va halollik bilan xizmat qilishga, ota-onaga, jamiyatga, davlatga kerakli inson bo‘lish uchun intilishga chaqirdi. Ko‘proq kitob o‘qishni, o‘z ustida ishlashni tavsiya berdi.

Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida bugun yangi armiyamiz shakllanganini, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolariga yaratilgan yangi imtiyozlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Olib borilgan tizimli islohotlar natijasida bugun xalqimiz va armiyamiz o‘rtasida mustahkam ko‘prik o‘rnatilgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil hayotga tayyorlashda harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar faxriylarining o‘rni beqiyos bo‘layotganini ta’kidladi. Qisqa vaqt ichida harbiy ob’ekt infratuzilmalarini yangilash, armiyamizni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlashda ulkan ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

Yoshlar uchun kelajakka motivatsiyalarga boy o‘tgan uchrashuvda qo‘mondon general bo‘lguncha o‘zi bosib o‘tgan shonli yo‘l, oddiy va kamtar oilada kamol topgani, chekka qishloqda kechgan bolaligi, sharafli harbiylik kasbiga kirib borish Farg‘onadagi harbiy-akademik litseyidagi tahsildan boshlanganini aytib berdi. Faqat o‘ziga bo‘lgan ishonchi, bilim olishga tirishqoqligi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi evaziga hayotda yuksak cho‘qqilarni zabt etganini ta’kidladi.     

Darvoqe, har bir yosh marrani baland olishi kerak! Bu uchun har bir insonda orzu-havas jo‘shqinlanib, kuchli ishtiyoq yonib tursagina maqsadga erisha olish mumkin. Qaysi kasbni tanlagan bo‘lsa, hech qachon ortga chekinmaslik kerak. O‘qish, izlanish va shu kasbning mohir ustasi bo‘lishga intilish – yuksak marralarni zabt etishga ko‘mak beradi.

Uchrashuvda yoshlarning harbiylikka bo‘lgan qiziqishi ularning savollaridan, yuz-ko‘zlaridan qalqib turardi. Generallik libosiga havas ko‘zlari bilan qarab turgan murg‘ak qalblar, hayotini harbiylikka bag‘ishlash orzusida harbiy litseyga o‘qishga kirgan o‘quvchilar uchun bu uchrashuv hech qachon unutilmaydigan bo‘ldi. Pandu-nasihatlar, albatta, kelajak avlod vakillariga hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, ulkan maqsadlar sari intilishiga o‘ziga xos turtki bo‘ladi. Ularni ruhlantiradi, kuch bag‘ishlaydi, hayotda qiyinchiliklarga tayyor bo‘lishga o‘rgatadi.

Uchrashuv doirasida qo‘mondon yoshlar bilan madaniy hordiq chiqarib, O‘zbekistondagi ko‘hna teatrlardan biri bo‘lgan Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan chinakam mardlik va Vatanga cheksiz sadoqatning yorqin timsoli bo‘lmish “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qildi.

Tadbirdan so‘ng qo‘mondon harbiy litseyda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ta’lim berish jarayonlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning hisobotini tinglab, professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan suhbatlashdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati