O‘quvchilar o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining nufuzi ortmoqda

0
1037

Markaziy harbiy okrug hududidagi barcha umumta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan 10—11-sinf  o‘quvchilari o‘rtasida muntazam ravishda “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasini o‘tkazish an’anaga aylandi.

Xususan, o‘tayotgan hafta davomida Kattaqo‘rgon garnizonidagi harbiy qismda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 13 ta umumta’lim maktabning terma jamolari hamda Navoiy garnizonidagi harbiy qismda Navoiy shahridagi umumta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” harakatiga a’zo bo’lgan 10—11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra bellashuvda har bitta jamoadan 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bola ishtirok etishi belgilangan.  Harbiy-sport musobaqasida jamoalar “Safda qo‘shiq aytish”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Pnevmatik miltiqdan nazorat otish mashqi” va “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlarda bilim va mahoratlarini amalda ko‘rsatishdi.

O‘quvchilardagi hayajon, g‘alabaga bo‘lgan shijoat, harbiycha qat’iyat bellashuvning har bir shartida yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Har bir jamoa a’zolari o‘zgacha harbiy liboslarda safda mag‘rur turib, g‘alaba uchun o‘zlarini ruhan tayyorlashdi. Qat’iy intizom va g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bellashuvning har soniyasini his-hayajonga to‘ldirdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Kattaqo‘rg‘on tumani yoshlari o‘rtasida 57-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga teng keladigani topilmadi. Navoiy shahridagi yoshlar o‘rtasida kechgan bahslarda esa 7-umumta’lim maktabi o‘quvchilari mutlaq g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, musobaqa shartlarida alohida natijalar qayd etgan o‘quvchilar  “Eng kuchli sportchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni” va “Mohir mergan” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar yakkalik hamda jamoaviy tartibda mukofotlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati