“Vatan manzumasi” madaniy-ma’rifiy kechasi o‘tkazildi

0
1319

“Turkiston” san’at saroyida “Vatan manzumasi” madaniy-ma’rifiy kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Madaniyat vazirliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, davlat va jamoat tashkilotlar hamda Kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Mudofaa vazirinig tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ishtirok etdi. 

Yosh avlodni ona Vatanga, o‘z millatiga sodiq, vatanparvar, ertangi kun uchun mas’uliyatni teran anglaydigan insonlar etib tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan ushbu kecha she’riyat, kuy va navo, sahna asarlarining uyg‘unligida tashkil etilgani bilan o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

O‘zbek sheriyati namoyondalari – Erkin Vohidov, Sa’dulla Hakim, Halima Xudoyberdiyeva, Mahmud Toir ijodiga mansub Vatan haqidagi she’rlar Guljamol Asqarova, Muhammadali G‘afforov, Sitorabonu Shomurodova, Nozima Habibullayeva tomonidan maromiga yetkazib o‘qildi.

Tadbirda ona Vatan, tinch va osuda hayotimizni o‘z jonidan aziz bilgan mard harbiylarning tabarruk xotirasi yodga olindi.

Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya ashula va raqs ansambllarining chiqishlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Badiiy-musiqiy dastur O‘zbekistonimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga, tinch va osoyishta, to‘kin, farovon kunlarning qadriga yetishga da’vat etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti