Qurolli Kuchlar davlat muzeyida yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi

0
1371

1949-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan iste’fodagi polkovnik Achilov Latif Azimovichning 75 yillik yubileyi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Davlat muzeyida safdoshlari va shogirdlari qurshovida o‘tdi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar 17 yoshidan shu kungacha Qurolli Kuchlar safida bo‘lib turgan L. Achilovga samimiy tilaklarini bildirib, qimmatbaho sovg‘alarini topshirdilar.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasini boshqarish milliy markazi bosh mutaxassisi lavozimida xizmat qilayotgan  iste’fodagi polkovnik Latif Achilov 1969 yil Chirchiqdagi tankchilar bilim yurtini bitirganidan keyin xizmatni Chexoslavakiyada vzvod komandiri vazifasida boshladi. Shundan keyin O‘zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar polk komandiri lavozimigacha o‘sdi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etish, rivojlantirish, qo‘shinlar jangovar shayligi hamda mudofaa qobiliyatini oshirishga katta hissa qo‘shdi, o‘nlab shogirdlar tayyorladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasini boshqarish milliy markazi boshlig‘i polkovnik Diyorbek Tojiboyev shu kuni ustoz Latif Achilovning rafiqasi Sharofat ayaning ham tug‘ilgan kuni ekanligini e’lon qilib, muhtarama ayani ham alohida qutladi. Esdalik va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining qo‘shiqlari bilan davom etgan yubiley tadbirida harbiy okruglardan vakillar, Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengashi hamda vazirlikning kasaba uyushmasi raislari ham ishtirok etib, ulug‘ yoshni qarshilagan ustozga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat tiladilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti