“Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari Boʻstonliq tumani boʻylab qator tadbir va uchrashuvlarda faol qatnashdi

0
858

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati Respublikamiz yoshlari orasiga tobora ommalashib bormoqda. Ushbu harakat oʻz oldiga yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, bir soʻz bilan aytganda, sadoqatli va bilimli oʻquvchi-yoshlarni “Vatan tayanchi” otryad atrofiga birlashtirish kabi muhim maqsadlar yoʻlida faoliyat olib bormoqda. 

Kecha, 12-mart kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan 12- hamda 42-umumtaʼlim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari oʻrtasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, intellektual uchrashuvlar, sport va mehr-saxovat tadbirlari tashkil qilindi.

Dastlab otryad aʼzolari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida “Zakovat” intelektual oʻyini oʻtkazildi. Bunda ikki maktab otryadi jamoasidan tashkil topgan bilimdon yoshlar berilgan savollarga tezkorlik bilan javob topib, oʻz maktabi shaʼnini himoya qilishdi. Savol-javoblar ruhi barcha yigʻilganlarni birdek toʻlqinlantirdi.

Intellektual oʻyindan keyin maktab sahnasida jadidlar siymosini jonlantirgan oʻquvchi-yoshlar maʼrifatparvar bobolarimizning xalqni ilmli qilish borasidagi gʻoyalarini oʻz chiqishlarida singdirishga harakat qilishdi.

Ikkinchi muhim uchrashuv maktabning oʻquv sinfida davom etib, unda otryad aʼzolari harbiy mutaxassis koʻmagida qurollarni sochish va yigʻish boʻyicha mashgʻulotlarda qatnashdilar.

Keyingi manzil tumanda joylashgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan birining xonadonida boʻldi. Otryad aʼzolari Azimboyeva Umr aya bilan samimiy suhbat qurishdi. Soʻngra xonadon hovlisi etagida mevali va manzarali koʻchatlar oʻtqazishdi.

Kunning ikkinchi qismida “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari hududda joylashgan harbiy qismga tashrif buyurib, harbiy qism faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kutubxona va oʻquv sinflaridagi dars jarayonlari, sport zallari, oʻq otish mashgʻulotlari, tibbiyot punkti oʻquvchilarda katta taassurot qoldirdi.

“Madaniyat markazi” binosida “Komandir va yoshlar” uchrashuvi barchaning orzu-maqsadlarini bir yerga jamladi. Tadbir soʻngida faol yoshlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti