Maktab o‘quvchilari “Nukus” poligonida amaliy mashqlarni bajarmoqda

0
1432

Davlatimiz rahbarining tegishli buyrug‘iga asosan, 11-sinf o‘quvchilarini Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish belgilangan.

Ayni kunlarda mazkur topshiriqni sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning 11-sinfida ta’lim olayotgan o‘g‘il bolalar uchun “Nukus” umumqo‘shin poligonida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Poligonda o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarning bu yilgi mavsumida umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan hamda Prezident maktablari yuqori sinf o‘quvchilari bilan birga profilaktik hisobda turuvchi yoshlar ham jalb etilgan.

Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tavsifi haqidagi ma’lumotlar yoshlarni bee’tibor qoldirmasligi tabiiy. Shu maqsadda harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan bir nechta o‘quv nuqtalarida jangovar texnika va o‘qotar qurol namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. O‘quvchilar ko‘rgazmada ishtirok etish bilan bir qatorda haqiqiy harbiy amaliy mashg‘ulotlarga ham guvoh bo‘lmoqda.

Mashg‘ulotlar shu yilning aprel oyiga qadar davom etadi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati