Navoiyda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining navbatdagi mavsumi boshlandi

0
1385

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlida “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostidagi 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinlari oʻtkazish anʼanaga aylandi.

Ana shunday yigʻinlarning navbatdagisi Navoiy viloyati harbiy-maʼmuriy sektori, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, Yoshlar ishlar agentligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda boshlandi.

Navoiy garnizonidagi harbiy qismda yigʻin ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi. Dastlab yoshlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga harbiy liboslar berildi.

Yigʻinning tantanali ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, harbiy prokuratura xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda faxriylar ishtirok etdi. Marosimda soʻz olganlar mazkur yigʻin yoshlar uchun kutilmagan imkoniyatlar va sharoitlar yaratib berishiga ishonch bildirib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Tadbirda namoyish etilgan sahna koʻrinishlari, harbiy orkestr hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati