Yoshlarni harbiy xizmatchi bo‘lishga undagan ochiq eshiklar kuni

0
1454

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu borada mahallalar va harbiy qismlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari oʻsib borayotganini alohida e’tirof etsak arziydi.

Ana shu maqsadga qaratilgan tadbirlardan biri Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda tashkil etildi. “Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘tkazilgan tadbirda Mirzaobod tumanida joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar hamda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsad qilib olindi.

Dastlab mahalla yoshlari harbiy qismga Vatanni madh etuvchi kuy-sadolari ostida tantanali kutib olindi. Shundan soʻng ular harbiy xizmatchilar bilan bevosita muloqotga kirishib, harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, ulardagi zamonaviy o‘quv qurollari bilan atroflicha tanishdi.

Shuningdek, kun davomida yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlik soati” darslari o‘tildi. Kelajakda harbiy xizmatchi boʻlishni maqsad qilgan yoshlarga respublikadagi Oliy harbiy bilim yurtlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bu kabi tadbirlar okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda davom etmoqda.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati