Urgutda mudofaa ishlari boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi

0
1645

Joriy yilning 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda ularni milliy armiyamiz saflarida munosib xizmat qilishlari uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida tegishli ko‘rsatmalar berib o‘tilgan edi. Xususan, harbiy ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda joylardagi mudofaa ishlari bo‘limlarini takomillashtirish, chaqiriluvchilarga qulay imkoniyatlar yaratish hamda elektron tizimni joriy etish shular jumlasidan.

Ana shu maqsadda Samarqand viloyati Urgut tumani mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Takidlash lozimki, mazkur bino urgutlik tadbirkorlarning homiyligi asosida butunlay yangidan qurilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.

Marosimda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, tuman hokimi Botir Jabborov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar zamonaviy andozalar asosida jihozlangan binolar, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini o‘zida jamlagan qulay shart-sharoitlar urgutlik chaqiriluvchilarni sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda, milliy armiyamiz saflarini har tomonlama sog‘lom yoshlar bilan butlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi.

Tadbir ishtirokchilari zamonaviy binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Yaratilgan qulayliklarga nisbatan ijobiy baho berib, urgutlik tashabbuskor tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati