Surxondaryoda “Talabalar bahori” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi

0
1052

Surxondaryo viloyatida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, tashabbuskor hamda iste’dodlilarini aniqlash, ularning o‘z iqtidorlarini, qadimiy urf, ana’na va milliylikni namoyon etishiga imkon yaratish, barkamol avlodning ilm-fan, ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalarning jamiyatda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashish maqsadida “Talabalar bahori” festivali bo‘lib o‘tdi.

Termiz shahrida o‘tkazilgan festival “Surxondaryo tajribasi” misolida tashkil etildi. Unda festival rejasiga asosan 3 kilometr masofaga ommaviy yugurish marafoni, ommaviy velomarafon, mini futbol, kurash, kamondan o‘q otish, badiiy gimnastika, stol tennisi, shaxmat, armrestling, tosh ko‘tarish, arqon tortish, kuch sinash va milliy sport musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual o‘yini, “Baxshichilik”, “Chanqovuz” va “Sibizg‘a” tanlovlari o‘tkazildi.

Festival erta tongdan Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyatdagi kuch tuzulmalar rahbarlari, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirokida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bilan boshlandi.

Kun davomida aniq dastur asosida sport musobaqalari, tanlovlar va milliy o‘yinlar birin-ketin start oldi. Quvonarlisi, tanlovlarda Surxondaryo viloyatida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar ham ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.G‘oliblar va faol ishtirokchilar viloyat hokimi hamda kuch tuzulmalar rahbarlari tomonidan munosib taqdirlandi.


Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonanda va boshlovchilar, shuningdek, viloyatning iste’dodli san’atkorlari ishtirokidagi gala-konsert, yorqin mushakbozlik namoyishi esa yoshlarning maroqli dam olishiga xizmat qildi.

Shubha yo‘qki, bu festival yigit-qizlarimizni Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida birlashish va hamnafas bo‘lishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti