Buxoroda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig’ini yakunlandi

0
1643

Bugun “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig’ini yoshlar uchun chin ma’noda orzular ushaladigan maskanga aylanib ulgurdi. Mazkur yig’in davomida ishtirokchilarga malakali mutaxassislar tomonidan turli fan va hunar to’garaklari, mashg’ulot va treninglar rejali o’tkazib borilishi belgilangan.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qismda navbatdagi “Jasorat maktabi” yig’ini yakunlandi.

Tantanali tadbir oldidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o’tkazilib, unda Buxoro viloyati hokimi, okrug qo’mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari yig’in ishtirokchilari bilan suhbatlashdi. Yoshlarning reja, maqsad va intilishlari bilan qiziqqan mas’ullar ko’mak uchun doimo tayyor ekanligini ta’kidladilar.

Mazkur yig’in davomida ishtirokchilarga harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan ko’rgazmali mashg’ulotlar hamda qismda mavjud “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi” tematik sinflarida shonli tariximiz borasida darslar tizimli tashkil etildi. Shuningdek, sportning kurash, futbol, voleybol, tosh ko’tarish kabi bir nechta turlaridan o’tkazilgan bellashuvlar yoshlarning sog’lom turmush tarziga amal qilish ko’nikmalarini mustahkamladi.

Suhbatdan so’ng barcha ishtirokchilar tantanali marosim uchun saf tortdi. Tadbirda so’z olganlar tomonidan o’quv yig’inida egallangan bilim va ko’nikmalar yoshlarning kelgusi hayotida foydali bo’lishiga ishonch bildirdi.

Yig’inda o’zining ijobiy xulqi va tirishqoqligini namoyon qilgan ishtirokchilar, shuningdek, o’tkazilgan sport musobaqalarida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati