Bilim yurtida yoshlar uchun o‘quv-yig‘ini tashkil qilindi

0
2056

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bir guruh yoshlar uchun “Vatanning sodiq yoshlari” nomli o‘quv-yig‘ini tashkil qilindi.

Dastlab bilim yurtida harbiycha liboslar kiygan yoshlar bilan turli mavzularda interaktiv seminar-treninglar o‘tkazildi. Xususan, “Virtual makondagi kiber tahdidlarning yoshlar ongiga ta’siri va salbiy oqibatlari”, “O‘zbek xalqi shonli tarixidagi buyuk vatandoshlarimizning ibratli hayoti va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati”, “Xorijiy tillarni o‘rganaman”, “Dunyoviy va diniy davlat tushunchasi, radikallashuvning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda mutaxassislar tomonidan savol-javoblarga boy qizg‘in davra suhbati o‘tkazildi.

Yig‘in davomida yigitlar kursantlarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv moddiy baza bilan ham tanishtirildi. Harbiy prokuratura xodimlari bilan o‘tkazilgan ochiq davra suhbatida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javob oldi va kerakli xulosalar chiqardi.

Kun mobaynida bilim yurtida nafaqat yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirish, balki harbiy kasbga bo‘lgan qiziqshlarini uyg‘otish borasida bir qator qiziqarli motivatsion mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Barcha amaliy mashg‘ulotlar, jangovar qurollar bilan yaqindan tanishuv, ayniqsa, askarcha tushlik yoshlarda unutilmas yorqin taassurotlar qoldirdi.

 Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti