Qashqadaryoda keng qamrovli festival bo‘lib o‘tdi

0
1779

Bugun yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar sifati va qamrovi tobora kengayib bormoqda. Viloyatlarning olis qishloqlarida ham harbiy xizmatchilar tomonidan turli davra suhbatlari, festivallar, uch avlod uchrashuvlari tashkil etilyapti.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Mirishkor tumani Pomiq shaharchasi markaziy stadionida keng qamrovli festival o‘tkazildi.

Mirishkor tumanidagi 6 ta maktab va mahallalardan 400 dan ortiq yoshlarni bir joyga jamlagan tadbirda harbiy xizmatchilar tomonidan bugungi kunda milliy armiyamizda foydalanilayotgan qurol-aslaha va anjomlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Bularning barchasini kata qiziqish va ishtiyoq bilan kuzatib, yurt himoyachilarga turli savollar bilan yuzlanayotgan o‘quvchilarning aksariyatida harbiy xizmatchi bo‘lish istagi uyg‘ondi. Ayniqsa, qo‘l jangi chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Kun davomida yoshlar o‘rtasida turli sport bellashuvlari ham tashkil etildi. Jumladan, arqon tortish, tosh ko‘tarish, kamondan o‘q otish singari musobaqalarda faollik ko‘rsatgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandilar.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati