“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tutash hududda “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik barpo etiladi

0
1769

Mustaqillik yillarida Vatanimiz tinchligi va xalqimizning osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari  nomini abadiylashtirish, jasoratlarini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, o‘sib kelayotgan avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasi bilan poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tutash hududda “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik barpo etish vazifasi yuklatilgan edi.

Shu munosabat bilan 2023-yilning 10-oktabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik majmuasi uchun arxitektura ishlanmalari tanlovi e’lon qilingandi. Tanlovga taqdim qilingan loyihalar Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston badiiy akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriligi va boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat hakamlar tomonidan baholanib, g‘oliblar aniqlandi.

“Qahramonlar nomi barhayot” nomli yodgorlik majmuasi uchun arxitektura ishlanmalari tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev so‘zga chiqib, loyihalar amaldagi shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiqligi, milliy arxitektura va elementlaridan foydalanilgani, tejamkor texnologiyalar qo‘llangani, landshaft va interer dizayni kabi bir necha talablar asosida saralanganini ta’kidlab, mazkur yodgorlik majmuasi mardlik, shijoat, qahramonlik tushunchalari uyg‘unlashgan yaxlit kompozitsiya bo‘lishi va bu xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinov o‘z so‘zida mazkur yodgorlik majmuasi Vatan himoyachilariga chuqur hurmat va ehtiromni aks ettirish bilan birga yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘nga yaqin loyihalar orasida Shohruh O‘rozov va Akram Raupovning ijodiy ishi 764 ball to‘plab, mualliflar birinchi darajali diplom hamda 100 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi. Ikkinchi darajali diplom va 75 million so‘m pul mukofoti bilan Aleksandr Kuranov va Orifjon Jalalov, uchinchi darajali diplom va 50 million so‘m pul mukofoti bilan Alisher Boqiyev taqdirlandi.

Nargiza SAFAROVA,
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati