Termizda harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
2479

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarga biriktirilgan yoshlarda mamlakat Qurolli Kuchlaridan faxrlanish, harbiylik kasbiga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida harbiy xizmatchilar tomonidan yurtimiz bo‘ylab bir qator harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Termiz shahrida bunyod etilgan “Vatanparvarlar bog‘i”da o‘tkazildi.

Festivalda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida fikr-mulohazalar bildirdi.

Jarayonlar Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismga biriktirilgan yoshlar ishtirokida turli xil harbiy sport musobaqalari, “Team building” o‘yini hamda harbiy psixologlar mashg‘ulotlari bilan qizg‘in davom etdi.

Bundan tashqari, Termiz  garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar yoshlarga koʻtarinki kayfiyat bag‘ishladi. Xayrobod garnizoni faxriy qorovulining koʻrgazmali chiqishlari, qoʻl jangi sahnasi hamda zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi yoshlarda yanada unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy komunikatsiyalar departamenti