“Ustozlarga e’zoz va ehtirom” mavzusidagi “Uch avlod uchrashuvi”

0
1889

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida «Jasorat maktabi», «Vatan tayanchi», «Ustoz va shogird an’anasi», «Uch avlod uchrashuvi», «Harbiy qismda bir kun», «Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi», «Askar onalarini sharaflaymiz» kabi ma’naviy vatanparvarlik tadbirlari muntazam o‘tkazilib turilishi an’anaga aylangan. Keyingi paytda bu an’ana mamlakatimiz bo‘ylab ekskursiya-sayohat ko‘rinishida amalga oshirilib, unda Qurolli Kuchlar faxriylari, jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar ota-onalari va yoshlar uchun harbiy qismlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratib berilmoqda.

Bugun Jizzax viloyatidan kelgan bir guruh mehmonlar Chirchiq shahridagi 7-umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari uchun milliy armiyamizning havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qudratini o‘zida aks ettiruvchi harbiy qismga ekskursiya tashkillashtirildi. Turli yillar davomida havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari safida xizmat qilgan faxriylar va O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya institutida kursantlarga ta’lim bergan ustozlar, jizzaxlik ota-onalar «Uch avlod uchrashuvi» tadbiri doirasida shogirdlari, harbiy farzandlari bilan diydorlashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Tadbir qatnashchilari yoshlarga o‘zlarining harbiylik hayotidagi qiziqarli voqealarni so‘zlab berishar ekan, davlatimiz tomonidan faxriylar uchun ko‘rsatilayotgan e’zoz va ehtirom alohida to‘xtalib o‘tishdi.

 

Jizzaxlik Hulkar Ne’matova shu kuni o‘g‘li – yo‘riqchi-uchuvchi mayor Shahboz Eshmatov erishgan yutuqlari tufayli onalik baxtini yana bir marta his etdi. 27 yil Mudofaa vazirligi tizimida tibbiyot hamshirasi sifatida xizmat qilgan katta serjant Hulkar Ne’matova ayol boshi bilan farzandini marhum turmush o‘rtog‘i tibbiy xizmat katta leytenanti Shermat Narmanov orzusidagi ofitser qilib tarbiyaladi. Turmush o‘rtog‘idan, otasidan erta ayrilgan bu insonlarning bugungi xotiralari maktab o‘quvchilari uchun hayot maktabidagi saboq darsligi bo‘ldi desak adashmaymiz.

Shuningdek, tadbirda Abdurashid Sharipov, Ergash Mingbayev, Sadriddin Xalimkulov, Abdurahmon Aripov, Sherali Choriyev, Aleksandr Zyabrov, Aleksandr Xarlamov, Vali Karimov kabi harbiy aviatsiya faxriylari boshchiligidagi mehmonlar uchoqlar bilan yaqindan tanishtirildi. «Ustozlarga e’zoz va ehtirom» mavzusidagi «Uch avlod uchrashuvi» ma’naviy vatanparvarlik tadbiri chirchiqlik maktab o‘quvchilariga boy taassurotlarni taqdim qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti