“Yil ayoli”: Mudofaa vazirligi vakili tanlovning Toshkent shahar bosqichi gʻoliblari safida

0
670

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi tegishli qarori bilan tashkil etilgan Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi yigʻilishining 2021-yil 27-apreldagi 2-son bayonnomasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash va munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovini oʻtkazish belgilangan edi.

Tanlovda “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli”, “Oʻz kasbining ustasi boʻlgan yil ayoli”, ”Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng yangi gʻoyalar tashabbuskori”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, ”Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi” nominatsiyalarining gʻoliblar aniqlanib, taqdirlanadi.

Oʻtgan davr mobaynida tanlovning 12 ta tuman hamda Toshkent shahar bosqichi boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar bosqichi natijalariga koʻra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Barno Abdullayeva “Yilning eng faol olima ayoli”, Yangihayot tumani “ORCHID BEAUTY” MCHJ rahbari Saidbibi Hasanova “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli”, Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligining xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisi Dilbar Husanova “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topildi.

Tanlovning shahar bosqichi gʻoliblari respublika bosqichida ham faol ishtirok etib, gʻalaba uchun bor imkoniyat, bilim va salohiyatlarini namoyon etishlariga tilakdoshmiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti